Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lib, el-yurtimizning g‘ururi, iftixori bo‘lgan bu ramzlarda tariximiz, boy ma’naviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat va an’analarimiz o‘z ifodasini topgan.
Davlat gerbi ham O‘zbekistonni boshqa davlatlardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsoli hisoblanadi.
Davlatimiz gerbi 1992-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdiqdangan.
Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, xo‘jalik, jug‘rofiy, etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa milliy boyligimiz paxta chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralganligi hamda gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi aks ettirilgan.
Gerbning yuqori qismida hurligimizning ramzi sifatida sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida afsonaviy Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambarak tasmasiga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirining davlat organlari hamda tashkilotlarning muhrlarida va hujjatlari blankalarida, O‘zbekiston Respublikasining pul belgilarida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportida, identifikatsiyalovchi ID-kartasida va diplomatik pasportida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning identifikatsiyalovchi ID-kartalarida aks ettirilishi mazkur ramzning davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Qonunchilikka ko'ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.
O'zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolar davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart. Jinoyat kodeksiga asosan, O'zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat bayrog'i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha (8 mln 250 ming so'm) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Davlat ramzlari - milliy g‘ururimiz timsoli. Unig tasvirlari, har bir rangi ko‘hna ildizlarimiz, milliy qadriyatlarimizni o‘zida namoyon etadi.
Shunday ekan, davlat ramzlari, xususan gerbimizni, ona-vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb bilib e’zozlash chin insoniy burchimiz, ham farz, ham qarzimizdir.
Dilnoz Umurzoqova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy axborot bo'yicha bosh maslahatchisi