Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Mediatsiya - nizoni sudgacha hal qilishning samarali usuli


Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan munosabatlar jadal rivojlanib borar ekan, sub’yektlar o‘rtasida turli nizolar vujudga kelishi muqarrar. Bundan tashqari, mavjud amaliyot oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqayotgan nizoli holatlar kam emasligini ham ko‘rsatmoqda. Taraflar nizoning yechimini topish maqsadida an’anaviy yo‘lni tanlashga, ya’ni sudga murojaat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Rivojlangan xorijiy davlatlar huquqiy tizimida nizoni sudgacha olib bormasdan, muqobil yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan mediatsiya – yarashtiruv jarayoni alohida ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda ham ushbu soha takomillashib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonuni mediatsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda huquqiy asos sanaladi.  

Qonunda mediatsiya tushunchasiga shunday ta’rif berilgan, mediatsiya - kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usulidir.

Albatta, ushbu yo‘nalish o‘zining ma’lum bir shartlari va tamoyillariga ega. Masalan,tomonlarning teng huquqliligi, ixtiyoriylik, o‘zaro hurmat, konfidensiallik, jarayonning shaffofliligi, mediatorning xolisligi. Mazkur prinsiplarga og‘ishmay rioya etish nizolarni adolatli va oqilona hal etishning muhim omilidir.

Taraflar va mediator mediatsiya ishtirokchilaridir. Jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari bo‘lishi mumkin.

Mediatsiya ikki va undan ortiq taraflar o‘rtasida bo‘lishi, shuningdek bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Mediasiya taraflari mediatorni ixtiyoriy ravishda tanlashga, mediatordan voz kechishga, mediasiyaning istalgan bosqichida unda ishtirok etishdan voz kechishga, mediasiya tartib-taomilini amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsan yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishga haqli.

Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.

Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini amalga oshiruvchi shaxs ham O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tishi mumkin.

Demak, mediatorlar yarashtiruvchilar, ijobiy xulosaga kelishga yordam beruvchi kishilardir. Ular turli tushunmovchiliklar va nizoli vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishga, o‘zaro kelishuvga erishishga xizmat qiladi.



Dilnoz Umurzoqova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy axborot bo'yicha bosh maslahatchisi