Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Odil sudlovga erishish yo'lida yana bir muhim qadam


Mamlakatimizda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mansabdor shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni sudlar faoliyati shaffofligini ta’minlash, aholi bilan muloqotni kengaytirish va ularning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishda mustahkam huquqiy asosdir.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lganda xususiy ajrim chiqaradi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin. Ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi.

Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi. Ilgari esa Iqtisodiy sud bilan bog‘liq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan.

Shuningdek, Fuqarolik prosessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, endilikda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, ba’zilari fuqarolik sudiga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ilgari esa mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida ko‘rilgan.

Talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi.

Iqtisodiy yoki ma’muriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga ko‘ra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksga kassasiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish hamda kassasiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq asoslar kiritildi.

Qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shimchalar kiritildi.  Jumladan, taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi. Unga ko‘ra, taraflar ma’muriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda to‘liq hajmda yoki qisman hal etishi, taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar sub’yekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli bo‘lishi hamda taraflarning o‘zaro yon berishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin.

Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi hamda kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanadi.

Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, ma’muriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi.

Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan ma’muriy ishning to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshiradi.

Sud o‘z tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi bo‘yicha qo‘shimcha dalillar to‘playdi, shuningdek ma’muriy sud ishlarini yuritish vazifalarini hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.

Shuningdek, sudga arizachi ariza (shikoyat) bilan bir qatorda arizada ko‘rsatilgan talablarga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabni ham taqdim etishga haqli.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, zararlarning o‘rnini qoplash haqidagi arizalar (shikoyatlar) bo‘yicha talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji undirilishi belgilandi.

Qonunchilikka kiritilgan bu kabi yangiliklar fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari hamda manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash barobarida ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga xizmat qiladi.