Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Konstitutsiyada shaxsni himoya qilish yuzasidan jinoyat-protsessual normalarning takomillashtirilishi


       Yurtimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada shaxsni himoya qilish yuzasidan jinoyat-protsessual huquqiga oid bir qancha yangi normalar kiritilganligini va mazkur  normalar asosiy qonunimiz Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilganligini alohida takidlab oʻtishimiz mumkin.

        Oʻzbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 27-moddasida Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, hech  kim  qonunga  asoslanmagan  holda  hibsga  olinishi,  ushlab turilishi,  qamoqqa  olinishi,  qamoqda  saqlanishi  yoki  uning  ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, shu bilan birgalikda, hibsga  olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, hech qanday shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddatda ushlab turilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda. Shaxsni  ushlash  chog‘ida  unga  tushunarli  tilda  uning  huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi kabi protsessual normalar kiritildi. Mazkur protsessual normalar yurtimizda xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlamini yanada kengaytiradi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

         O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida, jumladan, uning 28-moddasida aybsizlik prezumpsiyasi mustahkamlandi. Ushbu moddaning birinchi qismida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilanganmoqda. Shuningdek, Aybsizlik prezumpiyasi prinsipiga yagi taxrirdai konstitutsiyamiz orqali bir qancha normalar kiritildi. Aybsizlik prezumpiyasi (lotincha: Praesumptio – taxmin, gumon soʻzidan olingan) – shaxs huquqlari himoyasini taʼminlab beruvchi, asossiz ayblash va jazolashning oldini oluvchi jinoyat protsessining umumiy demokratik tamoyillaridan biri hisoblanadi.

        Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Mazkur prinsipning yana bir muhim xususiyati shundaki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.  Qolaversa, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi. Yana bir muhim norma shuki – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi. Mazkur normalar yangi taxrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida belgilab qoʻyilganligi, shubxasiz fuqarolarni turli asossiz ayblovlardan himoyalanishga, oʻz huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy darajada ta’minlashga xizmat qilishi tabiiydir. Xususan, Aybsizlik prezumpsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida uning har bir shaxsga berilgan daxlsiz huquq ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan: “Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yo‘li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir”. Mazkur prinsipning xalqaro huquq normalarida o‘z aksini topganligi mazkur prinsipning ahamiyati qanchalik katta ekanligini koʻrsatib beradi.

      Shuningdek, Konstitutsiyamizning 29-moddasida jinoyat protsessida shaxsni himoya qilish yuzasidan malakali  yuridik  yordam  olish  huquqi kafolatlanmoqda. Har  bir  shaxs  jinoyat  protsessining  har  qanday  bosqichida,  shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan  e’tiboran  o‘z  tanloviga  ko‘ra  advokat  yordamidan  foydalanish  huquqiga egaligi belgilandi. Gumon  qilinuvchi, ayblanuvchi  yoki  sudlanuvchi  ayblovning  mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga  guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon  yordamidan foydalanish huquqiga ega. Qonunni  buzgan  holda  olingan  dalillardan  odil  sudlovni  amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlandi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda  hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi haqida ariza berishga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak yangi taxrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bu kabi protsessual normalarning kiritilganligi fuqarolarimiz manfaatlariga xizmat qiladi albatta.

                                                              X.Sharipov Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimi