Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali berishda imtiyoz bor


Mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etilib, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlik ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilishda mustahkam huquqiy asosdir.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Guliston tumanida tashkil etilgan huquqiy targ‘ibot tadbirida mazkur qaror mazmun-mohiyati keng aholiga qatlamiga tushuntirildi. Qaror bilan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish materiallarini tayyorlash, tanlovni tashkil etish, unda ishtirok etish, tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish hamda tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ta’kidlanganidek, mazkur reglament talablari yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilik yuritish uchun yer uchastkalari berishga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Muloqotda dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga qo‘yish, ochiq elektron tanlovda ishtirok etish tartiblari tushuntirildi.

Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali berish, shu jumladan dehqon xo‘jaliklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda bu borada qo‘llaniladigan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbirda adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Adxam Shayjigitov, boshqarma shoʻba boshliqlari Jahongir Shamirzayev, Bobur Narbayev, Guliston tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Shavkat Iskanovlar ishtirok etdi.

Yakunda ishtirokchilarni mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollariga to‘liq javoblar berildi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati