Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Sayyor qabul xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi


Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilib, sayyor qabullar orqali xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilinmoqda. Albatta, bu mexanizm xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.
Shu ma’noda, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Safarboy Tog‘ayev fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.
Boyovut tumanidagi “Yangiobod” mahallasida tashkil etilgan tadbirda dastlab qonunchilikdagi yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumki, Adliya vazirligi tomonidan respublikamizda joriy yilning 10 fevralidan 10 martgacha “Vorislik huquqi” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Tadbirda Boyovut tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Lochin Boltaboyev vorislik huquqi, meros tushunchasi va vasiyatnomalarni tasdiqlash hamda boshqa notarial harakatlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng, aholining murojaatlari atroflicha o‘rganib chiqildi. Sayyor qabulda Matluba Zulqaynarova, Buvizaynab Taniqulova uy-joyni rasmiylashtirish masalasida murojaat qildi. O‘rozali Abdullayev farzandining o‘lim faktini belgilashda amaliy yordam so‘radi.
Sayyor qabulda moddiy yordam olish, ishga joylashish, ta’lim sohasidagi masalalar, tibbiyot yo‘llanmalari orqali davolanish, uy-joyni xususiylashtirish, mehnat doir nizolar, tadbirkorlik faoliyati va boshqa sohalardagi muammolar yuzasidan 30 ga yaqin fuqarolarning murojaati tinglandi. Shundan 16 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 7 ta murojaat bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, o‘rganish muddat talab qiladigan 6 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi.
Shuningdek, tadbir mobaynida davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga elektron raqamli imzo olish, Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa masalalar bo‘yicha 20 dan ziyod sayyor tartibda davlat xizmatlari ko'rsatildi.
Adliya boshqarmasi rahbariyatining yangiobodliklar bilan muloqoti ana shunday samarali bo‘ldi. Sayyor qabulda aholini qiynayotgan muammolarga huquqiy yechim topish bilan birga ularga tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatildi.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati