Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Egasiz mol-mulk kimga qoladi?


Ma’lumki, shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkini har qanday shaklda erkin tasarruf etishi mumkin. Bu huquq nafaqat uning hayotlik davrida balki vafot etganidan so‘ng ham davom etadi. Vorislik huquqida inson vafot etganidan so‘ng, meros ishi ochilgach, uning mol-mulki vasiyat asosida yoki qonun bo‘yicha amalga oshirish orqali, merosxo‘rlarga taqsimlanadi.

Bu borada ham mulk egasi o‘zining mol-mulkini o‘zi istagan shaxsga vasiyat asosida qoldirishi mumkin. Bunda albatta, vasiyatnoma notarial tasdiqlangan holda yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarga mos ravishda tuzilgan bo‘lishi talab etiladi.

Vasiyat bo‘yicha vorislikda shaxs mol-mulkining keyingi egasini ya’ni o‘z merosxo‘rini aniq ko‘rsatib o‘tadi va unga vasiyatnomada ko‘rsatilgan mol-mulkini o‘zining vafotidan so‘ng, merosxo‘rga to‘liq egaligini kafolatlaydi. Bu bilan shaxs mol-mulkiga nisbatan bo‘lgan huquqni o‘z xohish-irodasini ifoda etib, mulkining keyingi taqdirini hal etadi.

O‘z navbatida, vorislik huquqning qonun bo‘yicha tartibga solinishida, notarial yoki boshqa tarzda rasmiylashtirilgan vasiyatnoma bo‘lmagan hollarda mol-mulk qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ya’ni meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi. Bunday meroslarxo‘rlar bo‘lmagan hollarda ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi yoki beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega shaxslar vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Agar qonun bo‘yicha ham, vasiyatnoma bo‘yicha ham merosxo‘rlar bo‘lmasa yoxud merosxo‘rlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega bo‘lmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan bo‘lsa, meros mol-mulk egasiz deb hisoblanadi.

Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasi bo‘yicha meros ochilgan kundan e’tiboran uch yil o‘tganidan keyin sudning qarori asosida egasiz deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qo‘riqlash va boshqarish bilan bog’liq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, ko‘rsatilgan muddat o‘tishidan oldin egasiz deb topilishi mumkin.

Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat mulkiga o‘tadi.

  

S.G‘.Qo‘ziyev,

Xovos tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi