Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash - muhim masala


Oila — muqaddas dargoh. Oila qo‘rg‘onining mustahkam bo‘lishi uchun xalqimizga xos sabr-qanoat, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat singari fazilatlarga amal qilib yashash lozim. Ayniqsa, yoshlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan, o‘ziga xos mazmunga ega tadbirlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangiyer shahrida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi” faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi hudud yoshlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Yangiyer shahar Adliya bo‘limi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirga nikohlanuvchi fuqarolar, ularning ota-onalari, ibratli oilalar vakillari taklif qilindi.
Tadbirda so‘z olganlar oila va oilaviy qadriyatlar har qanday inson hayotida quriladigan eng muhim poydevor ekanligini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, oila g‘amxo‘rlik, o‘zaro hurmat, mehr-muhabbatga asoslansa, u mustahkam bo‘ladi. Oila mustahkam, tinch bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, farovon bo‘ladi. Tadbirda xalqimizga xos ana shu ezgu fazilatlar, ana’analar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
- Markazda asosan FHDY bo‘limiga nikohdan o‘tish uchun ariza bergan nikohlanuvchi fuqarolar o‘qitiladi. O‘qish jarayonida oila qurish arafasidagi yoshlarning psixologik, pedagogik, huquqiy va ahloqiy-bilimlarini hamda oilalarning mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, oilaning farzand tarbiyasi borasidagi mas’uliyatini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratiladi, - deydi Yangiyer shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i B.Beknazarova.
Imomovlar oilasi Yangiyer shahridagi ibratli oilalardan biri sanaladi. Murtazoqul ota va Ortiqoy opa yoshlar bilan muloqotda baxtli hayot kechirish sirlari, 40 yillik hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashishdi.
-Yangiyer shahar FHDY bòlimi tomonidan 2022-yilda 401 ta nikoh haqida va 141 ta nikoh bekor qilinganlik haqida dalolatnoma yozuvlari qonuniy rasmiylashtirilgan. “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi” faoliyatini tashkil qilishdan asosiy maqsadimiz yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ular qalbiga oila muqaddas degan tushunchani singdirish, oilaviy ajrimlarning oldini olishdan iborat, - deydi Yangiyer shahar FHDY bo'limi mudirasi Nafosat Abdulhakimova.
Albatta, ushbu markaz nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlash barobarida ularda oilaviy qadriyatlarni saqlash, ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishda ko‘maklashishi, shubhasiz.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilarga o‘quv qo‘llanmalari, mavzuga doir targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi