Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

"Snos"ga tushgan savdo do'koni uchun kompensatsiya puli to'lab beriladigan bo'ldi


"Snos"ga tushgan savdo do'koni uchun kompensatsiya puli to'lab beriladigan bo'ldi


Yangiyerlik tadbirkor Sh.Axmanovga qarashli go‘sht savdo do‘koni “snos”ga tushib, allaqachon buzib yuborilgan. Biroq, fuqaroga kompensatsiya puli to‘lab berilmagan. Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Sh.Axmanovning kompensatsiya pulini undirishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Yangiyer shahar Dehqon bozori hududida joylashgan do‘kon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan zamonaviy savdo majmualari qurilishi munosabati bilan 2017-yilda buzilgan, biroq kompensatsiya puli to‘lab berilmagan.

Tadbirkor buzilgan savdo do‘koni uchun kompensatsiya to‘lab berish masalasida shahar hokimligiga bir necha marotaba murojaat qilgan. Murojaatga javoban shahar hokimligining 2017-yil 14 va 21-avgustdagi tegishli xatlarida fuqaroning buzilgan bino-inshooti tegishli tartibda vakolatli baholash organlarida baholangandan so‘ng kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilishi ma’lum qilingan, biroq ushbu murojaatning yechimi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Vaholanki, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga ko‘ra, mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq to‘la hajmda qoplanishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalarini olish qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 41-bandiga ko‘ra, olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining bozor qiymati hamda olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati kompensatsiya qilinadi.

O'rganish davomida baholovchi tashkilot tomonidan Sh.Axmanovga tegishli bo‘lgan “Go‘sht mahsulotlari savdo do‘koni” bino-inshootlarining ehtimoliy tiklangan bozor qiymati 23 416 287 so‘mga baholanganligi ma'lum bo'ldi.

Yuqoridagilarga asosan Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan Sh.Axmanovning manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Yangiyer shahar hokimligi hisobidan fuqaro Sh.Axmanov foydasiga 23 416 287 so‘m kompensatsiya puli undirilishi belgilandi.



Laziz Xudoyqulov,

Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i