Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Konstitutsiya xalqimiz faravonligi, Vatanimiz ravnaqining huquqiy kafolati


Konstitutsiya xalqimiz faravonligi, Vatanimiz ravnaqining huquqiy kafolati


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat ortasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat‘i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e‘tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Asosiy qonunimizda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslangan. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi kabi muhim normaning mustahkamlab qo‘yilishi, o‘z navbatida sud hokimiyatining O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimiga mansubligini hamda uning amalda mustaqil va erkin faoliyat ko‘rsatishini kafolatladi.

Konstitutsiyamizda inson manfaatlari ustun qo‘yilgan. Asosiy qonunimizni sinchiklab o‘rgangan har bir shaxs bevosita guvohi bo‘ladiki, uning butun mazmun-mohiyati insonga xizmat qilishga yo‘g ‘rilgan. Konstitutsiyamizning biron bir joyida “davlatning huquqi” yoki “fuqarolar davlat hoxish-irodasini bajarishi shart” qabilidagi qoidalar uchramaydi. Aksincha, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas ‘uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta ‘minlaydi” kabi davlatning majburiyatlarini uchratamiz.

Konstitutsiyamiz o‘zining insonparvarligi bilan ham ajralib turadi. Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta‘minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.

Shuningdek, asosiy qonunimiz iqtisodiy sohada ham muayyan imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari yaratilganligi mulkdor bo‘lish huquqini amalga oshirishga har tomonlama sharoit va qulayliklar yaratdi. Ayniqsa, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan teng muhofaza etilishi kafolatlanganligi jamiyatda tadbirkorlik muhitini qaror toptirishning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Muxtasar aytganda, xalqimiz faravonligi, Vatanimiz ravnaqining huquqiy asosini tashkil etuvchi Asosiy qomusimiz yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oila taqdirida, ularning bugungi hayoti, ertangi kelajagini ta‘minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.



Uchqun Tursunmuratov,

Guliston shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i