Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Saloxiddin Sattarov Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida axborot berdi


Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida adliya boshqarmasi boshlig‘i Saloxiddin Sattarov norma ijodkorligi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti holati boʻyicha 2022-yil 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga «E-qaror» elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona “E-qaror” elektron tizimi joriy etilib, hujjatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib viloyat va tuman darajasida tasdiqlab qo‘yish amaliyotiga ma’lum darajada chek qo‘yildi.

Tizim joriy etilgan kundan bugunga qadar tizim orqali viloyat bo‘yicha jami 11 356 ta hujjatlar, shundan 5 624 ta hokim qarorlari va 3 259 ta farmoyishlari, 2 473 ta Kengash qarorlari qabul qilindi. Bu turdagi hujjatlarning 101 tasini normativ tusdagilar hamda 9 880 tasi normativ bo‘lmagan hujjatlarni tashkil etadi.

Adliya organlaridan qarorlar loyihalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kelib tushgan jami 187 ta qarorlardan 48 tasi ularni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya etilmaganligi sababli rad etilgan.

Shuningdek, joriy yilning 6 oyi davomida monitoringlar natijasida jami 142 ta qaror va farmoyishlar qabul qilinishida qonunbuzilishi holatlari aniqlangan bo‘lib, mazkur holatlar yuzasidan kiritilgan 42 ta taqdimnoma va 31 ta ogohnomalar natijasida 75 ta qaror bekor qilindi.

Bugungi kunda, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan davlat organlari va tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish, ular xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash, qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash orqali bepul asosida yuridik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Hozirga qadar, markazlar tomonidan davlat organlari tashkilotlarining jami 54 825 ta hujjatlari va shartnomalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Shu bilan birgalikda, qonunchilik hujjatlari talablariga javob bermaydigan yoki zid bo‘lgan jami 3 199 ta hujjatlar yuzasidan xulosalar berish rad qilinib, ularning amalga kiritilishi to‘xtatib qolindi.

Qonun ustuvorligini ta’minlashning samaradorligini yanada oshirish, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarda bir xil amaliyotni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkilotlar tomonidan qabul qilinadigan (tuziladigan) 60 ga yaqin turdagi buyruq va shartnomalar namunalari ham ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Ushbu namunalar foydalanish uchun yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga yetkazib berilib, amaliyotda foydalanilishi ta’minlanmoqda.

Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish sohasida boshqarma tomonidan 2022-yil 6 oyi davomida 21 ta tashkilotda o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha tegishli idoralarga 21 ta taqdimnoma hamda mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 5 ta taklif kiritildi.

Ta’sir choralari natijasida 43 ta noqonuniy xujjatlar bekor qilinib 19 ta xujjat qonunchilikka muvofiqlashtirildi, 19 nafar shaxs intizomiy hamda 3 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, 1 nafar shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

O‘tgan davr davomida 12 ta tahlil va umumlashtirishlar o‘tkazildi. Qonunchilikni takomillashtirish hamda xorijiy davlatlar tajribasini tadbiq etish yuzasidan 30 dan ziyod qonunchilikka takliflar kiritildi.

Huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini yetkazish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

Shunga ko‘ra, 2022 yilning 6 oyi davomida boshqarma tomonidan 19 353 marotaba huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, joylarda 4 219 marotaba og‘zaki huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil qilinib, tadbirlar davomida 46 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi. Televideniyeda 160 marotaba, radioda 205 marotaba, gazetalarda140 marotaba hamda veb-sayt va boshqa internet tarmoqlarida 7 500 marotaba targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

Bundan tashqari, Adliya organlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish borasida boshqarma va uning tizimidagi idoralarga kelib tushgan jami 3 020 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 2 742 tasi qonuniy hal etildi. 

Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 798 ta taqdimnoma va 2 532 ta ogohnoma kiritilgan. 243 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 720 nafar aybdor shaxslarning intizomiy javobgarlikka tortilishi, 1 893 ta noqonuniy hujjatlarning bekor qilinishi ta’minlandi.

Sudlarga 11 mlrd 958,9 mln so‘mlik 1250 ta da’vo arizalari kiritildi. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida hozirgi kunda fuqarolarga10 mlrd 229,3 mln so‘m miqdorida pul mablag‘lari undirib berildi. Qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha 334 ta takliflar kiritildi.

Sessiyada Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, tegishli tashkilot rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Yakunda kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi