Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Adliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan joylardagi OAVlar bilan ochiq muloqotlarga start berildi


Adliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan joylardagi OAVlar bilan ochiq muloqotlarga start berildi. Dastlabki uchrashuv Sirdaryo viloyatida tashkil etildi. Bu kabi tadbirlar barcha hududlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muloqot davomida Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Urinbayeva hududda faoliyat yuritayotgan bosma va elektron OAV vakillari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmati xodimlari va blogerlar bilan media hamjamiyatining jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, feyk va turli axborot xurujlariga qarshi kurashish hamda media va huquqiy savodxonlikni ilgari surishdagi o‘rni, huquqiy manbalar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr almashdi. 
Tadbirda adliya tizimidagi yangiliklar, adliyaning asosiy qadriyatlari, ochiqlik va shaffoflik, qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Prezidentning «Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan matbuot kotiblarining baholash reytingidagi natijalar davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini baholashda inobatga olinadi. Muloqotda mazkur Farmon mazmun-mohiyati tushuntirilib, ushbu vazifa matbuot kotiblari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi alohida ta’kidlandi.
 Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida vazirlik matbuot kotibi o‘z kasbiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda sohaga oid materiallarni yoritishda qonuniylik, xolislik va ob’yektivlikni ta’minlash, tanqidiy materiallarga tezkorlik bilan rasmiy munosabat bildirish, media makonda axborot xizmatlarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. 
Tadbir davomida vazirlik tomonidan tayyorlangan “Raqamlashtirish davrida media va feyk xabarlar: huquqiy va axloqiy omillar” nomli qo‘llanma taqdimoti o‘tkazildi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattarovning 2022 yilning 1-yarim yilligi davomida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi. 

Ta’kidlangandek, Prezidentimizning “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi.

Farmonga asosan tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDY organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib yagona Adliya bo‘limlariga aylantirildi va ular endilikda bitta binoda faoliyat yuritadi.Tadbirda mazkur Farmon mazmun-mohiyati, Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyati tuman (shahar) larida 11 ta davlat xizmatlari markazlari, 7 ta filiallar faoliyat ko‘rsatmoqda. 8 ta tuman (shahar) adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari va FHDYO bo‘limlari Davlat xizmatlari binosiga joylashtirildi, qolganlari bosqichma-bosqich joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Markazlar tomonidan 2022 yilning 6 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga 170 dan ortiq turdagi 158600 ta davlat xizmatlari, 7855 ta sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.

Muloqotda adliya organlari tomonidan qonuniylikni mustahkamlash, huquqiy targ‘ibot sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, mahallabay, xonadonbay, fuqarobay targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati va natijadorligi to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Kunning ikkinchi yarmida Xovos tuman adliya bo‘limiga press-tur uyushtirildi. Bo'limda adliya, davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat ko'rsatish markazi, FHDY organlari faoliyati, aholi va tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Bu yerda tuman FHDY bo‘limi tomonidan Alimovlar oilasining nikohi qayd etildi. Press-tur ishtirokchilari yangi oilaning baxtli oniga guvoh, quvonchli kuniga sherik bo‘lishdi.

Press-turning navbatdagi manzili “Xovosobod” mahallasi bo‘ldi. 3332 nafar aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahalla qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. “Huquqiy axborot” kuni doirasida xovosobodliklarning muammolari o‘rganildi.

Shundan so‘ng Xovos tumanida joylashgan qadimiy "Eski Xovos" tepaligiga sayohat uyushtirilib, muqaddas qadamjo ziyorat qilindi.

Sa'du Said jome’ masjidi imomi Po'zibek Abdunabiyev ushbu tepalik yonbag‘ridagi "Bobo Jobir" va uning rafiqasi Xadichaxonim tarixiy yodgorligi haqida so‘zlab berdi.

Adliya vazirligi mas’ullari, mahalliy jurnalist va blogerlar ishtirokida Sirdaryo viloyatiga uyushtirilgan press-tur tizimdagi islohotlar, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati bilan tanishtirish barobarida Sirdaryo tarixi, sirdaryoliklarning o‘y-tashvishlari, orzu-umidlari bilan yaqindan tashishish imkonini ham berdi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi