Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Ma’muriy tartib-taomillar takomillashtiriladi


Amaldagi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun 2018-yilning 8-yanvar kuni qabul qilingan va 2019-yilning 9-yanvaridan kuchga kirgan. Mazkur hujjat 7-bob 88-moddadan tashkil topgan bo‘lib, ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa tashkilotlar ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga solib kelmoqda.

Qonunning maqsadi – ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.

Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning jadallashishi, huquqiy munosabatlar o‘zgarishi ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish zaruratini vujudga keltirdi.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi tomonidan yangi tahrirdagi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va 2021-yil 15-fevralda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamalari portaliga joyllashtirildi.

Mazkur qonun loyihasi 7-bob, 111-moddadan iborat bo‘lib, ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning lozim tarzda huquqiy himoyalanganligini ta’minlash maqsadiga qaratilgan.

Loyihada qonun qo‘llaniladigan sohalar, ma’muriy tartib-taomillar qamrovi kengaytirilgan hamda ularga tuzatishlar kiritilgan. 

Xususan, loyihada ma’muriy tartib-taomil, umumiy vakil, dastlabki ma’muriy hujjat tushunchalari, o‘zboshimchalikni, huquqning suiiste’mol qilinishini taqiqlash, huquqini qo‘llash rad etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi tartib-taomillar aks etgan.

Shuningdek, ushbu hujjatda ma’muriy ish yuritishda idoralararo o‘zaro hamkorlik tartib-taomili o‘rniga ma’muriy ko‘maklashish tartib-taomili qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy organning ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovi asosida amalga oshiriladigan ma’muriy ko‘maklashish muddatlari, shuningdek ko‘maklashishni rad etish asoslari belgilangan.

Ma’muriy hujjat yozma, elektron yoki og‘zaki shaklda bo‘lishi, shuningdek u belgilar, imo-ishoralar va signallar yo‘li bilan, tasdiqlovchi hujjat berish yoki muayyan harakatlarni, shu jumladan avtomatik vositalar yordamida amalga oshirish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.

E’tiborlisi, loyihada ma’muriy ish yuritishda guvoh, ekspert, mutaxassis va tarjimon qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari, protsessual hujjatga talablar, ma’muriy ish yuritishda manfaatdor shaxslarni tinglash tartibi, qonuniy va noqonuniy ma’muriy hujjatlarni bekor qilish asoslari, qonuniy kuchga kirgan ma’muriy hujjatni qayta ko‘rib chiqish uchun asos va qayta ko‘rib chiqish tartibi ishlab chiqilgan.

 Xulosa qilib aytish mumkinki, salmoqli hajmga ega bo‘lgan mazkur qonun loyihasi, suiiste’mollik, korrupsiya va korrupsion xavf-xatarning oldini olish, sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun xizmat qiladi.

Xilola Sulaymanbekova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi