Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Sayxunobod tumanidagi Ittifoq mahallasida "Huquqiy axborot kuni" o'tkazildi


Sayxunobod tumanidagi Ittifoq mahallasida 6320 nafar aholi istiqomat qiladi. Mazkur mahalla jinoyatchilik ko‘rsatkichi bo‘yicha “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. 

   Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ushbu manzilda tashkil etilgan “Huquqiy axborot kuni” tadbiri xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish, aholini qiynayotgan muammolarni manzilli hal etish, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadiga qaratildi.

 Tadbir avvalida tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Nazarov qonunchilikka oid bir qator yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 259-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda referendum qonunchiligi mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Muloqot davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki jamoatchilikning dolzarb vazifasi ekanligi, hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda barcha birdek mas’ul ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirlar davomida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasiga koʻra, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari hisoblanishi, ijroiya hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qilishi, shuningdek, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

“Huquqiy axborot kuni” doirasida Adliya boshqarmasi boshlig'i S.Sattarovning sayyor qabuli o'tkazildi. Unda Ichki ishlar bo‘limi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvatlash bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, davlat xizmatlari markazi, FHDY, notarius va boshqa idora va tashkilotlar mutasaddilarining taklif etilgani aholi tomonidan qilingan murojaatlarni joyida tezkorlik bilan hal qilish imkonini berdi.

Buvirajab Tojiboyeva Ittifoq mahallasi Marg‘ilon ko‘chasida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan. Sayyor qabulda fuqaro yashab turgan uyini o‘z nomiga rasmiylashtrishda amaliy yordam so‘radi. Toshpo‘lat Bekmirzayev mahalla hududidagi A.Navoiy ko‘chasiga tezlikni cheklovchi belgilar qo‘yish bo‘yicha murojaat qildi.

Muloqot mobaynida Gulrajab Todjiboyevaning plastik kartasidan pul yechib olinganligi, bu borada tegishli idoralarga murojaat qilishiga qaramay natija bo‘lmayotganligi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganish uchun nazoratga olindi.

Muydinjon Hakimovning yer uchastkasining kadastr hujjatlarini tayyorlash, Toshpo‘lat Saidg‘aniyevning uyining tomini almashtirish uchun bankdan kredit olish masalasida qilgan murojaatlariga mas’ullar tomonidan zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sayyor qabul jarayonida turli mazmunda 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shundan 15 ta murojaatga joyida huquqiy tushuntirish berildi, o‘rganish muddat talab qiladigan 5 ta murojaat ish yurituviga olindi.

“Huquqiy axborot kuni”da «O‘zimiz keldik» loyihasi doirasida aholiga sayyor tarzda 36 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Shundan, 3 nafar fuqarolarga 20 kVt dan yuqori bo‘lmagan elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish bo‘yicha, 4 nafar fuqarolarga suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatildi, 4 nafar fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga qo‘yildi, 5 nafar fuqarolar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 3 nafar fuqarolarga pensiya (nafaqa) haqida ma’lumot berildi, 5 nafar fuqarolarga elektron raqamli imzo kaliti berildi, shuningdek, 12 nafar fuqarolarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun navbatga qo‘yildi.

  • Anchadan buyon farzandimni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ro‘yxatga qo‘yish maqsadida davlat xizmatlari markaziga boraman deb harakat qilardim, ish, oila tashvishlaridan ortib hech vaqt topolmas edim, bugungi tadbir men uchun ayni muddao bo‘ldi, davlat xizmatlaridan foydalanib, ishim tezda bitdi, eng muhimi ham vaqtim, ham naqdim tejaldi, -deydi Shoira Tojiboyeva.
  • Ittifoq mahallasida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot kuni”da tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil qilinib, salomatliklari nazoratdan o‘tkazildi.

    Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatildi. 

    Bugungi kunda Sayxunobod tumani bo‘yicha tashkilotlarda 517 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan tashkil etilgan mehnat yarmarkasida aholi mehnat bozorida o‘zlariga munosib ish topish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

Tadbirning uzviy davomi sifatida adliya, xotin-qizlar faoli, viloyat yuridik texnikumi talabalaridan tarkib topgan “Street law” ko'ngilli volontyorlari tomonidan “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash tamoyili asosida huquqbuzarliklarning sabablari va omillarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida uyma-uy profilaktik uchrashuv va suhbatlar olib borildi hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari tarqatildi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi