Янгиликлар
03
22 YILLIK EGALIKKA QONUNIY YECHIM
Yangiyer shahar adliya bo‘limiga fuqaro M.Kasimova uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadoniga nisbatan egalik huquqini belgilashda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur murojaat qonunchilik talablari asosida o‘rganildi. O‘rganishlar davomida fuqaro 2004-yildan buyon Yangiyer shahri “Z.M. Bobur” mahallasidagi xonadonga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirmagan bo‘lsa-da, 22 yildan ortiq vaqt mobaynida unga o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgani ma’lum bo‘ldi. Xonadonning kommunal to‘lovlari muntazam to‘langan, ta’mirlash ishlari esa fuqaroning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.
Shuningdek, uning ushbu manzilda uzoq yillardan buyon yashab kelayotganligi qo‘shnilarning tushuntirish xatlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini dalolatnomasi bilan tasdiqlangan. Xonadonning kadastr hujjatlari va boshqa tegishli ma’lumotlar ham o‘rganildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga muvofiq, ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqini olishi mumkin.
Mazkur huquqiy asoslardan kelib chiqib, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan M.Kasimovaning Yangiyer shahrida joylashgan xonadonga nisbatan egalik huquqi belgilandi.
Javohir Komilov,
Yangiyer shahar adliya bo'limi boshlig'i