Янгиликлар
02
ADLIYA ARALASHUVI BILAN FUQARO AVVALGI ISH JOYIGA TIKLANDI
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasida ishlagan fuqaro D.Nning mehnat huquqlari buzilganligi yuzasidan murojaati kelib tushdi.
Murojaatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, muassasa rahbarining 2026-yil 11-martdagi buyrug‘i bilan fuqaro D.N. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 5-bandiga asosan bekor qilingan.
Biroq ishdan bo‘shatishning qonuniyligi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan. Jumladan, davlat mehnat huquq inspektori tomonidan ish beruvchiga qonunbuzilishlarni bartaraf etish, xodimni avvalgi lavozimiga tiklash hamda majburiy progul davri uchun ish haqi to‘lash yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, Xovos tuman transport prokuraturasi tomonidan ham mazkur ishdan bo‘shatish buyrug‘ining qonuniyligi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan. Shunga qaramay, ish beruvchi fuqaro D.Nni avval faoliyat yuritgan yo‘l bo‘limi yo‘l ishchisi lavozimiga emas, balki boshqa — pudrat bo‘limi yo‘l ishchisi lavozimiga tiklagan. Bu esa xodimning avvalgi lavozimiga tiklanishi bo‘yicha qonuniy talablarning to‘liq bajarilmaganini ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 569-moddasiga muvofiq, xodimni avvalgi ishiga tiklash to‘g‘risidagi qaror darhol ijro etilishi lozim. Kodeksning 174-moddasida esa mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan taqdirda xodimning avvalgi ishiga tiklanishi hamda yetkazilgan moddiy zararning qoplanishi kafolatlangan.
Shu asosda Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qaroriga asosan fuqaro D.N. avvalgi — yo‘l bo‘limi yo‘l ishchisi lavozimiga tiklandi hamda majburiy progul davri uchun ish haqi undirib berilishi belgilandi.