Янгиликлар
25
Sirdaryoda “Adolat sayli” o'tkazildi
Inson dunyoga kelgan zahoti, hali hech kimni tanimasdan va hech narsani anglamasdan turib ham, muayyan huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi. Hayot davomida uning yashashi, faoliyat yuritishi va atrofdagilar bilan muloqotga kirishishi natijasida ushbu huquqlar yanada kengayib boradi.
Huquq va erkinliklar insonning erkin yashashi, kamol topishi, muvaffaqiyatlarga erishishi hamda jamiyat va oilada munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi. Xalq manfaatlari va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlaridan xabardor bo‘lish esa keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shu maqsadda Guliston shahar istirohat bog‘ida “Adolat sayli” tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga huquqiy axborotlarni yetkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda hayot va huquqni yagona maydonda uyg‘unlashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamoljon Xoliqov kirish so‘zi bilan ochib, “Adolat sayli”ning maqsadi va ahamiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Sayil davomida 20 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil etildi. Fuqarolarga moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar, kredit va mikroqarz olish, eksport faoliyati, investitsiya kiritish, aliment undirish, soliq masalalari hamda davlat xizmatlaridan foydalanish kabi hayotiy ahamiyatga ega yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Xususan, Davlat xizmatlari markazlari, FHDY organlari, notariuslar, advokatlar, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, intellektual mulk sohasidagi mutaxassislar hamda boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tadbir doirasida shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan ikki oilaning nikohi qonuniy tartibda qayd etildi. Shuningdek, oila qurish arafasida turgan yoshlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Keng qamrovli tadbir davomida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida harbiy xizmatchilar va xodimlar xizmat faoliyatida foydalanadigan anjomlar, qurol-aslahalar hamda harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, kamondan otish sport turi bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.
Ayniqsa, tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi munosib ish topish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun katta imkoniyat yaratdi.
“Adolat sayli”da nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ham asosiy e’tiborda bo‘ldi. Jumladan, “Biz birgamiz” aksiyasi doirasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar tomonidan tayyorlangan mahsulot va ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, keng jamoatchilikka namoyish qilindi. Milliy madaniy markazlar vakillarining badiiy chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida kitobxonlik targ‘iboti, turli sport musobaqalari, huquqiy viktorinalar va tanlovlar ham o‘tkazildi.
Bayram dasturiga madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ham munosib hissa qo‘shdi. Ularning kuy-qo‘shiqlari va sahna chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida “Adolat sayli”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda faol hamkorlik qilgan tashkilot hamda muassasalar vakillariga viloyat adliya boshqarmasining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Gulistonning so‘lim maskanida o‘tkazilgan “Adolat sayli” tom ma’noda huquqiy bayramga aylandi. Bu kabi tadbirlar aholining huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.