Янгиликлар
29
Mahalla raislari uchun o‘quv seminar tashkil etildi
Mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biridir. Ayniqsa, mahalla raislarining amaldagi qonunchilikni puxta bilishi, fuqarolar bilan ishlashda qonun ustuvorligini ta’minlashi hamda davlat organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Mahalla huquqshunosi loyihasi doirasida mahalla raislari uchun navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslari hamda vazifalari” mavzusida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, mahalla raislarining huquq va majburiyatlari, aholi murojaatlari bilan ishlash tartibi hamda qonunchilikda belgilangan yangi normalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, seminar davomida “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmonining mazmun-mohiyati, Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, mahalla tizimini yanada rivojlantirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda mahallalarning davlat organlari bilan hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan yangiliklar ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.
Seminar ochiq muloqot ruhida o‘tib, unda mahalla raislarining kasbiy salohiyatini oshirish, amaliy faoliyatda uchrayotgan masalalarni muhokama qilish va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Mahalla huquqshunosi loyihasi asosidagi mazkur tadbir mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.