Янгиликлар
06
26 yil kutilgan huquq
Yangiyer shahar adliya bo‘limiga fuqaro M.U murojaat qilib, "Z.M.Bobur" mahallasidagi xonadonlarning birida 2000 yildan buyon yashab kelayotgani, biroq mazkur xonadonga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtira olmaganini bildirib, amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan har tomonlama o‘rganildi. Aniqlanishicha, fuqaro qariyb 26 yil davomida ushbu xonadonga o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan.
Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga muvofiq, ko‘chmas mulkka o‘n besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, "Z.M.Bobur" mahallasidagi xonadonga nisbatan M.Uning egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida mulk huquqi e’tirof etildi.