Янгиликлар
04
Adliya aralashuvi bilan xodimning rag‘batlantirish puli undirib berildi
Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi I.N.ning murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida bo‘limda 2020-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan I.N. 2025-yilda samarali mehnatlari uchun moddiy rag‘batlantirilishi belgilangan bo‘lsa-da, tegishli buyruq tizimda imzolanmay qolganligi sababli rag‘batlantirish puli to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Mehnat kodeksi talablariga ko‘ra, ish beruvchi xodimga tegishli to‘lovlarni belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda to‘lab berishi shart. Shuningdek, ish haqi va boshqa to‘lovlarni kechiktirish qonunchilikka zid hisoblanadi hamda bunday hollarda kompensatsiya to‘lash majburiyati ham yuzaga keladi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tuman adliya bo‘limi tomonidan tashkilotga taqdimnoma kiritildi. Natijada, adliya aralashuvi bilan xodimga to‘lanmay kelgan 3 813 000 so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish puli undirib berildi.
Begijon Hamdamov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi