Янгиликлар
12
Biznesni boshlash jarayonlari soddalashtirilmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritishda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini yanada qulaylashtirish maqsadida Prezidentning “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–214-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan tadbirkorlar uchun ma’muriy xarajatlarni yiliga 90 milliard so‘mgacha qisqartirish hamda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtni tejash imkonini yaratish ko‘zda tutilgan.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bir qator xizmatlar kompleks tarzda, bir vaqtning o‘zida ko‘rsatiladi. Xususan, elektron raqamli imzo kalitini olish, bank hisobvaraqlarini ochish va faollashtirish uchun ariza topshirish, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar olishga murojaat yuborish, ijara shartnomasini rasmiylashtirish, QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, onlayn nazorat-kassa mashinalarini xarid qilish va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda yuridik shaxs rahbarini mehnat tizimida hisobga qo‘yish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur yangiliklar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, Kadastr va Soliq idoralari bilan hamkorlikda seminar tashkil qilindi. Unda tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi. Tadbir davomida Farmonning asosiy yo‘nalishlari, biznes boshlashdagi yangi qulayliklar hamda imkoniyatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tartib biznesni tez va qulay yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar faoliyatini yanada yengillashtiradi hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining samaradorligini oshiradi.
Shuningdek, tadbir davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qonunchilikdagi yangiliklar, ayniqsa, intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga doir masalalar batafsil tushuntirildi hamda tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunchilikda belgilangan imtiyoz va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.
Sirdaryo vioyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati