Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

17

Yangiyerlik fuqaro 25 yildan so‘ng uyiga qonuniy egalik huquqini qo‘lga kiritdi


Yangiyer shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro R. Usmonqulova o‘zi uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadoniga oid mulk huquqi masalasida amaliy yordam so‘rab Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2000-yildan buyon Shodiyona mahallasidagi xonadonlarning birida istiqomat qilib kelgan, biroq uy-joyni o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olganiga qaramay, turli sabablar tufayli u o‘z nomiga rasmiylashtirilmagan hamda mulk huquqi boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib qo‘yilgan. Natijada fuqaro o‘z yashab kelayotgan xonadoniga egalik huquqini qonuniy jihatdan tasdiqlashda muammolarga duch kelgan.

O‘rganish davomida fuqaro R.Usmonqulova ushbu xonadonda 25 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz, oshkora va o‘z mulkidek yashab kelgani, barcha kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib, xonadonni o‘z hisobidan bir necha bor ta’mirlagani aniqlandi. Ushbu holatlar qo‘shnilarining tushuntirishlari hamda mahalla dalolatnomalari bilan ham tasdiqlandi.

Mazkur murojaat Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilib, fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga ko‘chmas mulkka egalik qilish faktini belgilash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritildi.

Natijada sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, fuqaro R. Usmonqulovaning uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan xonadoniga egalik huquqi belgilandi.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999-yil 24-sentyabrdagi 16-son qarorining tegishli bandlariga asosan qabul qilindi. Ushbu huquqiy normalarga ko‘ra, ko‘chmas mulkka kamida o‘n besh yil davomida halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxs ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.



Javohir Komilov,

Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i v.b.