Янгиликлар
05
Adliya aralashuvi bilan xodimlar rag‘batlantirildi
Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari N.N hamda G.Mning 2025-yil davomida o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan bo‘lsada, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining ko‘rsatma xatiga muvofiq belgilangan moddiy rag‘batlantirish pullari to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida ko‘rsatma xatiga asosan moliya-iqtisod, buxgalteriya va kadrlar yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xodimlarni “Yangi yil” bayrami munosabati bilan tashkilotning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ichki imkoniyatdan kelib chiqib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobarigacha miqdorda bir martalik moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilgani aniqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 252-moddasida rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar jumlasiga xodimlarga mehnatdagi yuksak yutuqlari, kasbiy mahorati, energiya resurslarini, materiallarni tejaganligi, oldindan belgilangan boshqa ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun beriladigan mukofotlar, ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va boshqa to‘lovlar kirishi ko‘rsatib o‘tilgan. Kodeksning 299-moddasiga ko‘ra esa, ishdagi yutuqlar uchun xodimlarga rag‘batlantirish choralarini qo‘llash mumkinligi qayd etilgan.
O‘rganish davomida bu xodimlarga 2025-yil davomida hech qanday intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagani, shu bilan birga moddiy rag‘batlantirish komissiyasi tomonidan ularga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobari miqdorida rag‘batlantirish berish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum bo‘ldi. Biroq bo‘limning ichki moliyaviy imkoniyatlari mavjud bo‘lishiga qaramay, mazkur mablag‘lar asossiz ravishda to‘lab berilmagan.
Mazkur qonunbuzilish holatini bartaraf etish maqsadida Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.
Natijada, bo‘lim xodimlari “Yangi yil” bayrami munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobari, ya’ni 7 626 000 so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirildi.
Elyor Amanbayev,
Xovos tuman adliya bo'limi boshlig'i