Янгиликлар
03
Adliya aralashuvi bilan o‘qituvchining oylik va ta’til pullari undirib berildi
Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Sh. Mning oylik ish haqi hamda ta’til pullari to‘lanmayotgani yuzasidan murojaati belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Sh. M 2025-yil aprel oyida Guliston tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tarix va tarbiya fani o‘qituvchisi lavozimiga ishga qabul qilingan. Maktab tomonidan taqdim etilgan ish vaqtini hisobga olish hujjatlarida u tomonidan ishlangan kunlar to‘liq qayd etilgan bo‘lsa-da, unga to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi to‘liq berilmagan.
O‘rganish davomida xodimga berilgan yillik mehnat ta’tili uchun ham qonunchilikda belgilangan tartibda ta’til pullari to‘lab berilmagani ham ma’lum bo‘ldi.
Holat esa ishga qabul qilish va boshqa rasmiy hujjatlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Mehnat kodeksiga muvofiq, ish beruvchi moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, xodimning bajargan mehnati uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishi shart.
Shu asosda Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatida sudga da’vo arizasi kiritildi. Natijada sudning hal qiluv qaroriga asosan, Sh. M. foydasiga tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hisobidan 4 040 290 so‘m miqdorida ish haqi undirilishi belgilandi.
Farhod Siddikov,
Guliston tuman adliya bo'limi boshlig'i