Янгиликлар
03
Homilador ayolning mehnat huquqi tiklandi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasninng 42-moddasiga ko‘ra, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Biroq, Sayxunobod tumanida yashovchi fuqaro D.Bakirova viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilib, homiladorligi ish beruvchiga ma’lum bo‘lishiga qaramasdan, ishdan bo‘shatilganini aytib, ushbu masalada amaliy yordam so‘radi.
Murojaat yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida, fuqaroni ishdan bo‘shatish qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgani aniqlandi. Shu munosabat bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqni bekor qilish hamda xodimni ishga tiklash choralarini ko‘rish yuzasidan Sayxunobod tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida D.Bakirova tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi vazifasiga qayta ishga tiklandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunyod Abduxalilov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho'basi bosh maslahatchisi