Янгиликлар
24
Adliya aralashuvi bilan xodimlar manfaatlari tiklandi
Sirdaryo viloyatida adliya boshqarmasi tomonidan Turizm boshqarmasi xodimlarining murojaati qonuniy tartibda o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-iyundagi PF–102-son Farmoniga muvofiq tasdiqlangan yo‘l xaritasi talablariga amal qilinmagani aniqlandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Turizm qo‘mitasining nizomi tasdiqlanguniga qadar xodimlarga mehnatga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibida amalga oshirilishi lozim edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi qarori bilan turizm va madaniy meros organlari xodimlarining lavozim razryadlari belgilangan bo‘lsa-da, ushbu talablar amalda to‘liq bajarilmagan. Natijada, 2025-yilning yanvar-may oylarida Turizm boshqarmasi xodimlariga ish haqi belgilangan miqdordan kam to‘lab kelingani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, mazkur davrda 8 nafar xodimga jami 24 million 103 ming so‘mdan ortiq ish haqi mablag‘lari to‘lanmagan.
Mazkur qonun buzilishi yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Turizm boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. Natijada, xodimlarga hisoblangan ish haqi to‘liq miqdorda to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Bobur Norbayev,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi sho'ba boshlig'i