Янгиликлар
14
Fuqaroga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli tovon puli to‘lanadigan bo‘ldi
Fuqaro X. Isakulov o‘zining sobiq ish joyi tomonidan sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun tovon puli to‘lanmayotganidan norozi bo‘lib, Guliston tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat bo‘yicha adliya bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, X. Isakulov 2006-yildan buyon mazkur korxonada kombaynchi sifatida faoliyat yuritib kelgan. U kombaynni tozalab, saqlovga topshirish jarayonida xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilinmagani oqibatida, kombaynning yuk tushirgichi ishga tushib ketib, og‘ir tan jarohati olgan.
Mazkur holat tegishli tartibda dalolatnoma bilan rasmiylashtirilib, komissiya tomonidan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sifatida qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lumotnomasiga asosan, fuqaro X. Isakulovga 70 foiz darajada kasbiy mehnat layoqatini yo‘qotgani sababli II guruh nogironligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 321-moddasiga muvofiq, ish beruvchi xodimga ishlab chiqarishdagi jarohat yoki kasb kasalligi tufayli yetkazilgan zararlarni qoplashga majbur. Mazkur qonunchilik normalariga asoslanib, Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaroning huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Natijada, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilib, sud qaroriga asosan korxona hisobidan fuqaro X. Isakulov foydasiga 14 325 000 so‘m miqdorida tovon puli undirilishi belgilandi.
Farhod Siddikov,
Guliston tuman adliya bo‘limi boshlig‘i