Янгиликлар
13
“Huquqiy mahalla” - “Oydin”da fuqarolarga yaqin tizim
Mirzaobod tumanidagi “Oydin” mahallasi bugungi kunda “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida namunaviy hududga aylanmoqda. Viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ushbu mahalla huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholining huquqiy bilimi va faolligini oshirish, shuningdek, muammolarni o‘rganib, joyida hal etish maqsadida tanlab olindi.
Loyiha doirasida adliya xodimlari mahalla aholisi bilan bevosita muloqotlar olib borib, huquqiy so‘rovnomalar tashkil etishdi. Fuqarolarning uyma-uy yurib, ularning dolzarb muammolari tinglandi va aniqlangan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Mahallalarda aholining ijtimoiy-huquqiy muammolarini hal etishda muhim mexanizmlardan biri mahalla yettiligi tizimi sanaladi. “Oydin” mahallasining ham mazkur tizim asosidagi faoliyati samarali tashkil etilgan bo‘lib, adliya boshqarmasi tomonidan uslubiy yordam ko‘rsatilishi natijasida a’zolar o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Metodik qo‘llab-quvvatlash natijasida mahallada huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldi olinmoqda, aholining huquqiy muammolari esa tezkor hal etilmoqda.
Mahallada o‘tkazilgan “Adliya kuni” tadbiri esa fuqarolarga huquqshunoslardan bepul maslahatlar olish imkoniyatini yaratdi. Bundan tashqari, aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida seminarlar, uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Huquqiy mahalla” loyihasi fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, kundalik hayotdagi huquqiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda amaliy yordam berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati