Янгиликлар
Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
“Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–140-son, 21.08.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkazish;
sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
sudlar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha “Kiber huquq” yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.
“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:
sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Guliston tumanlararo
sudining sudyasi D. Burxonov