Янгиликлар
11
Xodimning mehnat huquqlari tiklandi
Xovos tuman adliya bo'limi tomonidan Xovos tuman Tibbiyot birlashmasi Diagnostika bo‘limi navbatchi laboranti N. Shamsiddinovaning murojaati o‘rganildi.
Murojaatda N. Shamsiddinova 2025-yil 11-iyun kuni bola parvarishlash ta’tilidan ishga qaytgan bo‘lishiga qaramay, unga smena belgilanmagani sababli oylik ish haqi yozilmaganidan norozi bo‘lgan.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Shamsiddinovaga berilgan bola parvarishlash ta’tili joriy yil 11-iyundan uning arizasiga asosan muddatidan ilgari yakunlangan va u ishga qaytgan. Shuningdek, unga farzandi 3 yoshga to‘lguniga qadar haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti belgilangani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2015-yil 24-avgustdagi 336-sonli buyrug‘iga muvofiq, bola parvarishlash ta’tilida 3 yil va undan ortiq bo‘lgan o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlarini diplom yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashtirish kurslariga bepul yuborish ish beruvchining majburiyati hisoblanadi. Biroq Tibbiyot birlashmasi tomonidan Shamsiddinova malaka oshirish kursiga yuborilmagan, ish bilan ta’minlanmagan hamda smena belgilanmagani bois ish haqi hisoblab berilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasiga muvofiq, ish beruvchi xodimni mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ish bilan ta’minlashi shart. Shuningdek, kodeksning 266-moddasida ish beruvchining aybi bilan xodimning bekor turib qolgan vaqti uchun unga o‘rtacha ish haqi to‘lanishi lozimligi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, adliya bo'limi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida N. Shamsiddinovaning bekor turib qolgan davri uchun Mehnat kodeksining 266-moddasiga muvofiq 1 263 638 so‘m miqdorida ish haqi undirilishi ta’minlandi.
Javohir Komilov,
Xovos tuman yuridik xizmat ko'rsatish markazi boshlig'i