Янгиликлар
30
Bir guvohnoma – bir umrga umid
1950-yili qishning qattiq sovuqlarida Rossiya Federatsiyasining Omsk viloyati, Bolsherechensk tumanida dunyoga kelgan Tamara Vasilyevna Volinkina butun umri davomida turli sinov va mushkulotlarga duch keldi. Ayni paytda u Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi Navro‘zobod mahallasidagi yotoqxonada yakka-yolg‘iz holda yashab kelmoqda.
Eng alamlisi shundaki, u umr bo‘yi shaxsini tasdiqlovchi hech qanday rasmiy hujjatga ega bo‘lmagan. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘qligi sababli pasport olish va o‘z fuqarolik huquqlaridan foydalanish imkoniyati ham unga nasib etmagan.
«Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» aksiyasi doirasida Yangiyer shahar FHDY bo‘limi xodimlari bu muammoga befarq qolmadilar. Tamara opaning huquqlarini tiklash maqsadida zarur huquqiy choralar ko‘rildi. Uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini Rossiya Federatsiyasidan rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, tegishli ariza yuborildi.
Umid bilan kutilgan tug‘ilganlik guvohnomasi rasman rasmiylashtirilib, qo‘lga kiritildi. Bu hujjat bir parcha qog‘ozdek tuyulishi mumkin. Ammo Tamara opa uchun bu — butun umri davomida kutgan orzu, uzoq yillardan so‘ng boshlangan yangi hayotdir.