Янгиликлар
26
Sirdaryoda huquqiy axborotni yetkazish jarayonlari tahlil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024‑yil 24‑maydagi PF‑80‑son “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni adliya sohasida tub burilish yasayotgan hujjatlardan biri bo‘lib, uning mazmun-mohiyati davlat boshqaruvi tizimini soddalashtirish, mas’uliyat va samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan aniq va tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarning faoliyat yo‘nalishlariga mos huquqiy targ‘ibot materiallari tayyorlanib, ularning eng quyi bo‘g‘inlargacha yetkazilishi Yagona huquqiy axborot almashish tizimi (edo.ijro.uz) orqali yo‘lga qo‘yilgan.
Farmon ijrosining joylardagi holatini o‘rganish, huquqiy targ‘ibot materiallarining manzilli yetkazilishi va ulardan amalda foydalanish mexanizmlarini tahlil qilish maqsadida Adliya vazirligi Huquqiy axborot boshqarmasi boshlig‘i F. Tojiyev Sirdaryo tuman adliya bo‘limi hamda tuman Soliq inspeksiyasida bo‘lib, elektron tizim orqali yuborilgan materiallarning qabul qilinishi, xodimlar tomonidan o‘rganilishi va amaliyotga joriy etilishi jarayonlarini o‘rgandi.
Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi “Oqibat” mahallasida onlayn mahalla platformasi orqali huquqiy targ‘ibot materiallarining yetib borishi va amalda qo‘llanilishi holati o‘rganildi. Mahalla raisi bilan o‘tkazilgan suhbat davomida mavjud holatlar tahlil qilinib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taklif va mulohazalar tinglandi hamda zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.