Янгиликлар
26
Sayxunobodda mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi
Sayxunobod tumanida “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” huquqiy aksiyasi doirasida “ISHGA MARHAMAT!” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir tuman markazidagi “Sayxun istirohat bog‘i”da bo‘lib o‘tdi va fuqarolar, ayniqsa yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun muhim imkoniyatlar yaratdi.
Yarmarkaning asosiy maqsadi — ishsiz fuqarolarni, kam ta’minlangan oilalar vakillari va mehnat bozoriga kirishga qiynalayotgan shaxslarni ish bilan ta’minlashdan iborat bo‘ldi. Unda Sayxunobod tuman bandlik bo‘limi hamda turli korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etib, yuzlab bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qildilar.
Tadbir davomida fuqarolarga mavjud ish o‘rinlari, mehnat shartlari, ish haqi miqdori hamda ijtimoiy kafolatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, tuman adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga mehnat qonunchiligi, kasbga yo‘naltirish, qayta o‘qitish imkoniyatlari va bandlik masalalari yuzasidan huquqiy maslahatlar ham taqdim etildi.
Mazkur mehnat yarmarkasi ishsiz fuqarolarga ish topish, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, shuningdek, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim tadbir bo‘ldi. Tuman adliya bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu yarmarka fuqarolarning mehnat huquqlaridan to‘liq xabardor bo‘lishi va ularni amalda qo‘llashlariga ko‘maklashdi.