Янгиликлар
25
Sayyor qabulda tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning amaliy faoliyatida duch kelayotgan muammolarni o‘rganish va joyida hal etish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamoljon Xalikov boshchiligida Guliston shahrida tadbirkorlar ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida Guliston shahar kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda aholi vakillarining o‘ndan ortiq murojaatlari tinglandi. Ular orasida ijara shartnomalari bilan bog‘liq masalalar, davlat mulkini xususiylashtirish, sanoat zonasida kanalizatsiya tizimini barpo etish, shuningdek, turli shartnomaviy huquqiy munosabatlarga oid muammolar mavjud edi. Har bir murojaat belgilangan tartibda ish yurituvga qabul qilinib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Tadbir davomida investitsiyaviy muhitni yaxshilash va xususiy sektorni rag‘batlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, kichik sanoat zonalarida infratuzilma muammolarini bartaraf etish, yer ajratish tartiblarining soddalashtirilishi, soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan tadbirkorlarga batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, sayyor qabul doirasida adliya boshqarmasi mas’ullari Guliston shahar kichik sanoat zonasiga joyiga chiqqan holda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni bevosita o‘rganishdi. Mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.