Янгиликлар
23
“Ta’limda korrupsiyaga o‘rin yo‘q” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Korrupsiya — bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan, uning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, demokratik qadriyatlar, huquq ustuvorligi va inson huquqlariga jiddiy putur yetkazadigan xavfli illatdir. U bozor iqtisodiyoti faoliyatini izdan chiqaradi, hayot sifatining pasayishiga olib keladi hamda uyushgan jinoyatchilik, terrorizm kabi xavfli hodisalarning ildiz otishiga zamin yaratadi.
Mazkur salbiy holatlarga qarshi kurashish, ayniqsa ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida tizimli ishlarni amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Shu maqsadda Oqoltin tuman adliya bo‘limi tomonidan Xalq ta'limi bo‘limida “Ta’limda korrupsiyaga o‘rin yo‘q” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Suhbat davomida korrupsiyaning ta’lim sohasiga salbiy ta’siri, uning oqibatlari va bu illatga qarshi kurashishda har bir fuqaroning faolligi muhim ekani alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash hamda halollik tamoyillarini mustahkamlash yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” huquqiy aksiyasiga ulanib, muloqot davomida mehnat munosabatlarida xodimlarning asosiy huquqlari haqida keng ma'lumotlar berildi. Shuningdek, adliya xodimlari tomonidan ishtirokchilarning mehnat munosabatlariga oid muammolari o‘rganilib, zarur tushuntirishlar berildi.
Yakunda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mehnat qonunchiligi bo‘yicha qator takliflar ilgari surilib, ta’lim tizimida halollik va adolat mezonlarini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.