Янгиликлар
12
Korrupsiyaga qarshi kurashish – barqaror taraqqiyot garovi
Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar doirasida Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan Xalq ta’limi bo‘limida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – barqaror taraqqiyot garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda so‘z olganlar korrupsiya nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga ham jiddiy putur yetkazuvchi illat ekanini ta’kidlab, uni bartaraf etish faqat davlat organlari emas, balki butun jamiyat, ayniqsa, ta’lim sohasi vakillarining ham faol ishtirokini talab etishini alohida qayd etdi.
Shuningdek, ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezident farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Davra suhbati davomida korrupsiyaviy holatlarning kelib chiqish sabablari, ularni kamaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar, shuningdek, ta’lim muassasalarida shaffoflikni ta’minlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ular, jumladan, maktablarda moliyaviy mablag‘larning ochiqligi, ota-onalardan noqonuniy pul yig‘ish holatlarining oldini olish, imtihonlar jarayonida adolat va halollik tamoyillarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.
Yakunda korrupsiyaning salbiy oqibatlari, unga qarshi kurashishdagi fuqarolik mas’uliyati haqida eslatib o‘tildi va har bir xodim o‘z xizmat vazifasini vijdonan ado etishi, qonuniylik va halollik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi lozimligi ta’kidlandi.
Mazkur tadbir ta’lim tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati