Янгиликлар
13
14 yillik orzular amalga oshdi - fuqarolik huquqi ta'minlandi
Mamlakatimizda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish hamda oilaviy munosabatlarni tartibga solishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Guliston tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan aholining huquqiy ongini yuksaltirish, rasmiy nikohning ahamiyati haqida keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri sifatida, bugun “Sohilobod” mahallasida istiqomat qiluvchi O.Sattorov va Sh.Abduqodirovalarning 14 yildan buyon faqat sha’riy nikoh asosida birga yashab kelayotgan oilaviy munosabatlarini qonuniylashtirish borasidagi masala ijobiy hal etildi.
Oila tomonidan murojaat qilinishi ortidan, ularning nikohi qonuniy tartibda FHDY organida qayd etilib, nikoh tuzilganligi haqida davlat guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi. Bu esa, oila a’zolarining huquqiy maqomini mustahkamlab, ularning farzandlariga nisbatan ota-onalik huquqlarini to‘liq amalga oshirishiga ham huquqiy asos yaratdi.
Tadbir davomida nikohni rasmiylashtirishning dolzarbligi, u bilan bog‘liq huquqiy va ijtimoiy kafolatlar, ayniqsa, ayollar va bolalarning himoyasi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri – oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, farzandlar tarbiyasida barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.