Янгиликлар
31
Yangiyer shahrida “Konstitutsiya xiyoboni” tashkil etildi
Yangiyer shahrida fuqarolarda yuridik madaniyatni yuksaltirish, Vatanimiz Konstitutsiyasiga bo‘lgan hurmat va sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida “Konstitutsiya xiyoboni” tashkil etildi.
Mazkur xiyobon mamlakatimiz asosiy qonunining qadr-qimmatini targ‘ib etish, yosh avlodni huquqiy ongli va vatanparvar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Xiyobon hududida Konstitutsiyamizning eng muhim moddalaridan parchalar, tarixiy ma’lumotlar, shuningdek, huquqiy targ‘ibotga oid banner va stendlar o‘rnatilgan.
Xiyobonning tantanali ochilish marosimida mahalliy hokimlik vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, adliya xodimlari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Konstitutsiya tarixiga oid qisqacha ma’lumotlar berilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida keng jamoatchilik ishtirokida “Konstitutsiya – adolat va taraqqiyot kafolati”shiori ostida adliya sayli ham tashkil etildi.
Sayil davomida aholiga bepul huquqiy maslahatlar berildi, fuqarolik-huquqiy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi, qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, turli adabiyotlar va bukletlar tarqatildi.
Shuningdek, “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida yangiyerlik oilaning nikohi qonuniy qayd etilib, guvohnoma topshirilidi. Bundan tashqari, aholiga davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyati yaratildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Konstitutsiya xiyoboni” nafaqat sayr qilish maskani, balki aholi, ayniqsa yoshlar uchun o‘quv-tarbiya maydoniga ham aylanishi, shubhasiz.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati