Янгиликлар
03
38 yoshida hujjat orzusi
1987-yilda tug‘ilgan D. A. tug‘ilganlikni tasdiqlovchi hujjatga ega emas edi. Shu sababli u ko‘plab huquqiy va ijtimoiy muammolarga duch kelgan. Jumladan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, ta’lim olish, ishga joylashish hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga uchragan.
Sardoba tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaroning ushbu masalada qilgan murojaati o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, D.A.’ning ota-onasi vafot etgan bo‘lib, ulardan uch nafar farzand – D.A., akasi va singlisi dunyoga kelgan. Akasi va singlisining hujjatlari mavjud bo‘lsa-da, D.A. ning tug‘ilganligini tasdiqlovchi yoki shaxsiy holatiga oid biror hujjat saqlanib qolmagan.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi arxivi ma’lumotiga ko‘ra, D. A.ning tug‘ilganligi haqida dalolatnoma yozuvi mavjud emasligi aniqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 206-moddasiga muvofiq, bolaning tug‘ilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma ota-onaning oilaviy holati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qayd etiladi. Ushbu holatda bunday hujjatlar mavjud emasligi sababli, tug‘ilganlikni qayd etishning iloji bo‘lmagan.
Yuqoridagilarga asosan, Sardoba tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro D.A. manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada, sud arizani qanoatlantirib, qaror asosida D.A.ning 1987-yilda tug‘ilganlik fakti belgilandi.
Ilhom Yunusov,
Sardoba tuman adliya bo'limi boshlig'i