Янгиликлар
28
Lo'li millatiga mansub bolakaylar "metrika"li bo'ldi
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi lo‘li millatiga mansub aholining muammolari o‘rganilib, bartaraf etilmoqda. Xususan, “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida tug‘ilganligi qayd qilinmagan fuqarolarning manfaatlari ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Dilafro‘z Shodmonova farzandi Shohjahonni maktabgacha ta’lim tashkilotga joylashtirishda hujjat ishi bilan bog‘liq muammoga duch keldi. Boisi Shohjahon 5 yoshga to‘lgan bo‘lsada, shu vaqtga qadar uning tug‘ilishi hech bir hujjatda qayd etilmagan. Lo‘li millatiga mansub fuqaroning bu muammosi “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida mahalla hududida o‘tkazilgan xatlov jarayonida ma’lum bo‘ldi.
Ba’zi hollarda, moliyaviy qiyinchilik, e’tiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasport, nikoh guvohnomasi)ning mavjud emasligi kabi sabablar tufayli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma vaqtida olinmaydi. Bu holat kelgusida bola uchun nafaqa olishda, fuqarolikni belgilashda, uni bog‘chaga, maktabga berishda muammolar, ovoragarchiliklarga sabab bo‘ladi.
Shohjahon hali ancha vaqtlar guvohnomasiz yurishi mumkin edi. O‘z vaqtida aniqlangan huquqiy muammo adliya ko‘magi bilan bartaraf etildi.
Mana Shohjahonning qo‘lida “metrikasi” bor. U endi tengqurlari bilan bemalol bog‘chaga, so‘ngra maktabga borib o‘qiydi.
Lo‘li millatiga mansub Nozima Abduvoitova 2025-yil yanvar oyida o‘g‘il farzandli bo‘ldi. U o‘zining shaxsiy hujjatlari mavjud emasligi sababli farzandiga guvohnoma ololmagan. Aksiya doirasida bu huquqiy muammo ham ijobiy yechim topdi.
Har bir hujjat qimmatli ma’lumot, har qanday holatda ham hujjat ishi bilan bog‘liq masalada muammo bo‘lmasligi kerak. “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi va kamchiliklardan xoli bo‘lishini ta’minlash imkonini bermoqda.
Dilnoz Umurzoqova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas'ul xodimi