Янгиликлар
05
Tug'ilganlik fakti belgilandi
Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro N.Kaynarovning onasi R.Kaynarovaning tug‘ilganlik faktini belgilash hamda guvohnoma olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatda bayon etilishicha fuqaroning onasi R. Kaynarova 1935-yilda Xovos tumanida tug‘ilgan va 2019-yilda vafot etgan. R.Kaynarova tug‘ilgan vaqtida hujjatlarga e’tibor berilmaganligi sababli tug‘ilish guvohnomasi olinmagan. Bu holat hozirda meros ishi bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan qonunchilik talablari asosida o‘rganildi. Sirdaryo viloyat arxivi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, R.Kaynarovaning tug‘ilganligi bo‘yicha 1932-1938-yillar oralig‘i tekshirilganda tegishli qaydlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-prosessual kodeksining 295-moddasiga ko‘ra, arizachi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni tasdiqlaydigan zarur hujjatlarni boshqacha tartibda olishi mumkin bo‘lmagan yoxud yo‘qotilgan hujjatlarni tiklashning imkoni bo‘lmagan taqdirdagina sud ushbu faktlarni aniqlaydi.
Yuqoridagilarga asosan Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro N.Kaynarovning manfaatida uning onasi R.Kaynarovaning tug‘ilganlik faktini belgilash haqida da’vo arizasi kiritildi.
Natijada mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, R.Kaynarovaning 1935-yil 1-iyunda tug‘ilganligi fakti belgilandi.
Hayitboy Sayitov,
Yangiyer shahar adliya bo'limi boshlig'i