Янгиликлар
04
XODIMNING ISH HAQI TO'LAB BERILADI
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro Sh.Jo‘rayevning yozma murojaati o‘rganib chiqildi. Sh. Jo‘rayev 2023-yil oktabr oyidan 2024-yil avgust oyiga qadar ishlagan davri uchun to‘lanmay qolgan ish haqini to‘lab berilishida amaliy yordam so‘ragan.
Aniqlanishicha, Sh. Jo‘rayevga 2023-yil oktyabr oyidan hozirgi kunga qadar Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasining Mehnatga haq to‘lash razryadlari 10-razryaddan 3,698 tarif koyeffitsiyentida ish haqi to‘lab kelingan.
Vaholanki, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligining 2005-yil 31-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiyot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lashda sog‘liqni saqlash muassasalarini turlarga ajratish tartibi to‘g‘risidagi” nizomga ko‘ra, Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining davolash bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Jo‘rayevga 10-razryad 6,920 tarif koyeffisiyentida mehnatiga haq to‘lanishi lozim edi.
O‘rganish davomida Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Jo‘rayevga 2023-yil noyabr oyidan 2024-yilning avgust oyiga qadar jami 25 614 301 ming so‘m kam to‘langanligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga asosan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro Sh.Jo‘rayev manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yihca Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada ushbu da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan tuman tibbiyot birlashmasi hisobidan Sh.Jo‘rayev foydasiga 2023-2024-yillarda to‘lanmay qolgan jami 25 614 301 so‘m ish haqi undirilishi belgilandi.
Timur Karimov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish shu'basi boshlig'i