Янгиликлар
18
Sayyor qabulda aholi muammolari o'rganildi
Bugun Sirdaryo viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlarining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillari uchun navbatdagi ommaviy sayyor qabuli Sirdaryo tumanidagi Oqibat mahallasida o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida sirdaryolik aholi vakillari o‘z muammolari bilan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Zoxidovga murojaat qilishdi.
Jumladan, Elobod mahallasida istiqomat qiluvchi Rahimjon Qurbonov faoliyatini yakka tadbirkor sifatida davom ettirmoqchi. Fuqaroning murojaati yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan soliqlar haqida tushuntirish berildi.
“Taraqqiyot” mahallasidan kelgan Jamshid Abdurazzoqovning noturar joy uchun elektr tarmog‘iga ulanishda muammolarga duch kelayotgani bo‘yicha murojaati joyida ijobiy hal etilib, Vazirlar Mahkamasining "Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 555-son qaroriga asosan elektr tarmoqlariga ulanish uchun ruxsatnoma olish bo‘yicha tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor xizmat ko‘satildi.
Shuningdek, tuman yoshlaridan biri – Ulug‘bek Muysinjonov tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit olish, fuqaro Ozod Yusupov esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida e-auksion orqali ko‘chma savdo do‘koni uchun yerni auksionga chiqarish bo‘yicha amaliy yordam so‘radi.
Sayyor qabulda aliment undirish, uy-joy, meros ishi, yashaganlik faktini belgilash kabi mazmunda 10 ga yaqin murojaatlar tinglanib, o‘rganish muddat talab qiladigan 4 ta murojaat ish yurituvga olindi, 2 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi hamda qolgan murojaatlar yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati