Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Adliya vaziri Sirdaryoda


Ayni kunlarda Sirdaryo viloyatida xizmat safarida boʻlib turgan adliya vaziri Akbar Toshqulov “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini joylarga chiqqan holda oʻrganmoqda.

Xususan, adliya vaziri Sirdaryo tumani “Quyosh” mahallasidagi uchrashuvda mazkur farmon ijrosi yuzasidan tuman adliya boʻlimi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashib, aholining huquqiy muammolarini oʻrganish, tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etishda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan zarur koʻrsatma va tavsiyalar berdi. Bu kabi taqdimot va uchrashuvlar Sayxunobod va Guliston tumanlarida ham oʻtkazildi.

Adliya vaziri A.Toshqulov Sayxunobod tuman hokimi K.Mullajanov bilan birgalikda “Ittifoq” mahallasida istiqomat qiluvchi 72 yoshli Risolat Gʻulomova xonadonida boʻlib, “Sayxunobod tajribasi” asosida tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanish, aholi daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tuman adliya boʻlimi koʻmagi bilan yoshlar turli toʻgaraklarga jalb etilgan. “Olgʻabos” mahallasida tashkil etilgan oʻquv markazida yoshlar ingliz tilini oʻrganishmoqda. A.Toshqulov sayxunobodlik yoshlar bilan uchrashib, viloyatdagi 11 ta davlat umumtaʼlim maktablarida “Huquq sinfi” va huquq fanlarini chuqurlashtirilgan holda oʻqitish tashkil qilingani, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yangi oʻquv yilidan turli huquqiy tanlovlar oʻtkazilishi belgilanganligi taʼkidladi. Shuningdek, vazir “Ziyo ulash” aksiyasi doirasida “Guliston” mahallasida tashkil qilingan kutubxonada boʻldi.

Bundan tashqari, adliya vaziri Guliston tuman va shahar adliya boʻlimlari yangi binosining qurilish-taʼmirlash ishlari holati bilan tanishdi hamda yangi binolarda, eng avvalo, aholi uchun keng qulayliklar yaratilishi yuzasidan masʼullarga koʻrsatmalar berdi.