Янгиликлар
20
Adliya vaziri “Mahalla huquqshunosi” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi
Adliya vaziri Akbar Toshqulovning Sirdaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safarining navbatdagi manzili Guliston shahridagi “Namuna” mahallasi boʻldi. “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga asosan viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan bu yerda “mahalla huquqshunosi” xonasi tashkil etilgan.
Xona huquqiy adabiyotlar va zarur texnik vositalar bilan jihozlangan. Adliya vazirligining elektron huquqiy manbalariga QR-kod orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish imkoniyati yaratilgani “mahalla yettiligi”, aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Mahalla huquqshunosi” loyihasi doirasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislarining huquqiy bilim va koʻnikmalarini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul oʻquv kurslari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Adliya vaziri “Sirdaryo tajribasi” asosida farmon ijrosini tashkil etish yuzasidan Guliston shahar adliya boʻlimi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Oʻrganish jarayonida aholini qiynab kelayotgan tizimli huquqiy muammolarni aniqlash va hal etish boʻyicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish, aholiga sayyor tartibda huquqiy va davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish, manzilli va maqsadli targʻibot tadbirlarini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Bu kabi taqdimot va uchrashuvlar Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida ham oʻtkazildi.
Shuningdek, Akbar Toshqulov Oqoltin tumanidagi “Ahillik” mahallasida tashkil etilgan tikuv sexida ham boʻlib, tadbirkor hamda xotin-qizlar bilan muloqot qildi. Uchrashuv davomida xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, subsidiyalar va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlari haqida tushunchalar berildi.