Янгиликлар
27
Sirdaryo viloyatida ham geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻlgan mahsulotlar bor
Geografik ko‘rsatkich bu-tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi xisoblanib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Mazkur geografik obyekt hududida tovarni ishlab chiqarishning tovarning xususiyatlarini shakllantirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan bosqichlaridan loaqal bittasi amalga oshirilishi kerak.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanining “Dehqonobod”, “Turgʻun Ahmedov” mahallalarida “Qora marvarid” nomli anor navi yetishtirilib, ushbu anorlar Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Angliya va AQSH davlatlariga eksport qilinadi.
Seleksioner R. Neʼmatov tomonidan Konibodom ertapishar navi bilan Quvaning “Qayin” navlari chatishtirib yaratilgan “qora marvarid” anor navi Mirzaobod iqlimiga moslashgan. Ushbu navning oʻziga xos xususiyati toʻq qizil poʻstloqli, yaltiroq jigarrang magʻizli, taʼmi shirin-nordon, xushxoʻr hisoblanadi.
Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod, Xovos tuman hududlari qadimiy Mirzachoʻl choʻlining geografik hududida joylashgan. Ushbu hududda pishgan poliz ekinlari oʻziga xos iqlimi tufayli xaridorgir hisoblanadi.
Jumladan, “Obinovvot” o'rtapishar qovun navi hisoblanib, tuxumsimon, oʻrta kattalikda, 3-7 kg tosh bosadi. Mirzachoʻl geografik joylashuviga kiruvchi Oqoltin, Sardoba, Mirzaobod tumanida ushbu qovun navlari mazasi oʻzgacha shirin boʻlib yetishadi.
“Amiri” – oʻrtapishar qovun navi. Shakli choʻzinchoq, 25-40 sm uzunlikda, ogʻirligi 3-5 kg, sirti toʻrsiz, usti toʻq zangori yoʻl yoʻl, eti 4-5 sm k koʻkimtir yoki qizgʻish, taʼmi oʻtkir shirin, tarkibida 12% qand bor.
“Oqurugʻ” oʻrtapishar qovun navi, yirik – 4-15 kg tosh bosadi. Choʻzinchoq, ser toʻr, tusi oqish-yashilga moyil, poʻsti qattiq, eti qalin. Uzoq masofaga yetkazishga chidamli. Rossiya Federatsiyasi va xorijiy davlatlarga eng koʻp eksport qilinadigan, Mirzachoʻl qovuni nomi bilan mashhur boʻlgan qovun navi.
Viloyatning Sayxunobod tumani Sirdaryo oʻrta oqimi boʻyicha joylashganligi, tuprogʻi unumdor, sersuv hamda quyoshli kunlari koʻp boʻlganligi sababli ushbu hududda sholining “Iskandar” va “Guliston” navlari yaxshi hosil beradi va guruchining taʼmi shirinroq boʻlib yetishadi.
Viloyatning Xovos tumani yiliga oʻrtacha 400 gektar maydonga poliz ekinlari ekilib, 6400 tonna mahsulot yigʻib olinadi. Shundan Hamza SIU hududidagi 300 gektar maydonga poliz yekinlari yekilib, 4800 tonna mahsulot yigʻib olinadi. Hamza SIU yerlari tuproq iqlim sharoiti azal-azaldan poliz mahsulotlari yetishtirish uchun qulay hududlardan hisoblanadi.
Akbar Eshqo'ziyev
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo'yicha bosh maslahatchisi