Янгиликлар
04
Yangi O'zbekistonda - yangi islohotlar
So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Yaqinda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’ Prezident farmoni ushbu yo‘nalishni takomillashtirishga qaratilgan yana bir muhim hujjatdir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda Nodavlat notijirat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat bo'limi bilan hamkorlikda "Yangi O'zbekistonda - yangi islohotlar" mavzusida tashkil etilgan seminarda mazkur farmon mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi.
Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, inson huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga n nodavlat notijorat tashkilotlarining roli muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadiga qaratilgan.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari batafsil tushuntirilib, fuqarolik jamiyati institutlariga yaratilgan qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Sh.Rasulov saylov qonunchiligidagi, mojaritar va proportsional saylov tizimining muhim jihatlari haqida keng ma’lumotlar berdi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Sirdayo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati