Янгиликлар
04
Tadbirkor foydasiga asosiy qarz undiriladigan bo'ldi
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Osiyo qurilish imkon servis” MCHJ rahbari R.Sultonovning murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2019-yil 2-avgust kuni MCHJ va bilan Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi o‘rtasida pudrat shartnomasi tuzilgan bo‘lib, pudratchi mazkur shartnoma shartlariga asosan loyihada ko‘zda tutilgan ob’yektda mukammal ta’mirlash ishlari majburiyatini oladi. Unitar korxona esa tadbirkorga qurilish ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlarni yaratish, ularni qabul qilish va to‘lovni amalga oshirishi belgilangan.
O‘rganish davomida ta’mirlash ishlari yakunlanib, ob’yekt foydalanishga topshirilgan bo‘lsada, 4 232 424 930 so‘mlik bajarilgan ishlarning 5 foizlik 211 622 095 so‘mlik to‘lov summasi to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur to‘lanmagan pul mablag‘lari unitar korxona tomonidan taqdim etilgan to‘lov ma’lumotnomalarida ham o‘z isbotini topdi.
Shuningdek, taraflar o‘rtasida 2020-yil 5-avgustda tuzilgan pudrat shartnomasiga ko‘ra, MCHJ tomonidan Sardoba tumanidagi “Yurtdosh” mahallasi “Chamanzor” ko‘chasidagi 15-sonli uyni mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirilgan, biroq 548 913 684 so‘mlik bajarilgan ishlarning 27 445 684 so‘mlik kafolat summasi to‘lab berilmagan.
Sardoba tumani “Yurtdosh” mahallasi “Chamanzor” ko‘chasidagi 12, 13, 14-uylarda bajarilgan mukammal ta’mirlash ishlari uchun ham kafolat summalari o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.
Mazkur qarzdorliklar o‘rganish davomida to‘plangan hujjatlar asosida o‘z isbotini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 638-moddasiga ko‘ra, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.
Ushbu kodeksning 236-moddasiga muvofiq majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Yuqoridagilarga asosan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Osiyo qurilish imkon servis” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada sud ajrim qabul qilib, “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi hisobidan tadbirkor foydasiga 322 025 415 so‘m qarzdorlik undiriladigan bo‘ldi.
Dilnoz Umurzoqova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy axborot bo'yicha bosh maslahatchisi