Янгиликлар
22
Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida targ'ibot tadbiri o'tkazildi
O‘zbekistonda parlamentga saylovlar aralash – majoritar-proporsional tizim asosida bo‘lib o‘tadi. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimi asosida, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida saylanadi.Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida dastlab yangi saylov tizimi mohiyati batafsil tushuntirildi.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Sheroz Dodoyev saylovning asosiy qoidalari, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, saylov kampaniyasi va ovoz berish jarayonlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiya doirasida boshqarma mas’ul xodimi D.Umurzoqova so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829 son Qonuni mazmun-mohiyatini tushuntirdi hamda xotin-qizlarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar haqida keng ma’lumot berdi.
Tadbir davomida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Guliston shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan oldi-sotdi shartnomalari, meros, vasiyatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi va boshqa mulkiy munosabatlar haqida tushunchalar berildi.
Keng qamrov kasb etgan tadbir ishtirokchilarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati