Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

"Zomin" bolalar oromgohida sirdaryolik yoshlar o'rtasida sport va huquqiy tadbirlar o‘tkazildi


"Zomin" bolalar oromgohida hozirda 250 nafardan ziyod sirdaryolik bolajonlar hordiq olmoqdalar. O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Sirdaryo viloyat kengashiga qarashli ushbu oromgoh Zomin tumanidagi so‘lim go‘shalardan biridir.

Bu yerda adliya vazirligi tomonidan otaliqqa biriktirilgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari yozni soz o‘tkazmoqdalar.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ullari yoshlar bilan tizimli ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish maqsadida oromgohda bo‘lib, turli sport va huquqiy tadbirlar o‘tkazishdi.

Jumladan, “Mamlakat kelajagi — qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” g‘oyasi asosida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, unda belgilangan fuqarolarning huquq, burch va majburiyatlari tushuntirildi.

Muloqot davomida viloyatdagi 11 ta davlat umumta’lim maktablarida “Huquq sinfi” va huquq fanlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish tashkil qilinayotgani, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yangi o'quv yilidan turli huquqiy tanlovlar o'tkazilishi belgilanganligi ta'kidlab o'tildi.

Shuningdek, ona yurtga ehtirom, ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga doimiy hurmat ko‘rsatish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash kabi milliy qadriyatlar haqida fikr-mulohazalar yuritilib, mavzu doirasida savol-javoblar uyushtirildi hamda faol ishtirokchilar rag‘batlantirildi.

Kitobxonlikni keng targ'ib qilish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularda mantiqiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida 6 ta jamoa huquqiy va badiiy adabiyotlar asosida shakllantirilgan savollar asosida raqobatga kirishdilar.

"STREET LAW" loyihasi ishtirokchilari tomonidan tashkil etilgan huquqiy viktorinada yoshlarning huquqiy savodxonligi yana bir bor sinovdan o'tkazildi.

Ayniqsa, "Sportni sev, sport bilan yasha" shiori ostidagi musobaqalar bolajonlarga o‘zgacha shijoat, ruhiy va jismoniy tetiklik bag‘ishladi. Sportning futbol, stol tennisi, shashka, shaxmat, halqaga to'p otish, suzish, badminton va kibersport yo'nalishlarida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda kuchlilar saralandi.

Yakunda sport va huquqiy tadbirlarda faol ishtirok etgan yoshlar rag'batlantirilib, esdalik sovg'alari topshirildi.

Siradryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati